Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev turizm sohasidagi vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Xalqaro turizm bozoridagi noaniqlik sharoitida Oʻzbekistonni xavfsiz turistik yoʻnalish sifatida targʻib qilish boʻyicha katta kampaniya boshlanishi qayd etildi.

Bu jarayonda turizm uchun eng qulay davr boʻlgan aprel-iyun oylari uchun alohida dastur tayyorlanib, “Oʻzbekistonda ochiq turizm mavsumi” eʼlon qilinadi.

Ushbu muddatda aviakompaniyalarga yangi reyslar yoʻlga qoʻyib, olib kelingan har bir xorijiy sayyoh uchun 100 dollardan subsidiya beriladi. Bunday aviakompaniyalarga aeroport xizmatlari uchun 20 foiz chegirma taqdim etiladi.

1-apreldan boshlab turoperatorlarga uch oy mobaynida jalb qilingan har 1 ming xorijiy turist uchun byudjetdan 5 ming dollargacha subsidiya beriladi. Qoʻshilgan qiymat soligʻining yarmi “keshbek” sifatida qaytariladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchisi boʻlgan 50 nafar xorijiy blogerga Oʻzbekistonga kelish uchun yetti kunlik bepul turpaket taqdim etiladi.

Joriy yilning oʻzida Samarqandda dunyoga mashhur kamida 5 nafar sanʼatkorning gastrolini, shuningdek, 10 ta biznes-forum va moda festivalini oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, Samarqandni aniq va tabiiy fanlar boʻyicha olimpiada, forum va ilmiy konferensiyalar oʻtkaziladigan xalqaro xabga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Mavjud salohiyatdan samarali foydalanish hisobiga Samarqandga yil yakuniga qadar 6 million sayyoh olib kelish maqsadi belgilab olindi.

https://president.uz/oz/lists/view/9025

No comment

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan