O‘zbekiston Respublikasi Turizmnni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish instituti — 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan tashkil etilgan ilmiy-ta’lim muassasasi hisoblanadi. Institutda 30 nafar mutaxassis faoliyat olib boradi.

Institutning missiyasi — turizm sohasida fundamental va amaliy ilmiy hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, ilm-fan va ta’lim sohasida xizmatlar ko‘rsatish, turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash.

Institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari:

  • Turizm sohasida dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish, fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va izlanishlarni tashkil etish;

  • Xalqaro tajriba va global tendentsiyalarni o‘rganish hamda ular natijalariga asosan respublika turistik tizimida ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqish;

  • Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, turizm sohasidagi ilmiy va texnik yutuqlarni umumlashtirish va qo‘llashga ko‘maklashish;

  • Turizm tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga mos keluvchi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar ro‘yxatini tasdiqlash;

  • Innovatsion g‘oyalar va istiqbolli tendentsiyalarni yaratadigan iqtidorli olimlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish;

  • Chet el tajribasiga asoslangan holda turizm sohasidagi oliy va kasbiy ta’limni tizimli modernizatsiya qilishda ishtirok etish, ta’lim modellari va texnologiyalarini takomillashtirish;

  • Turizm sohasida kasbiy va ta’lim standartlarini ishlab chiqish, tegishli kasbiy standartlar asosida kasbiy malakalar tizimini yaratish va rivojlantirish;

  • Ta’lim jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, samarali shakllar (aralash, masofaviy, individual ta’lim, «ustoz-shogird») va boshqa o‘qitish usullarini joriy etish;

  • Yangi o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va metodik tavsiyalarni ishlab chiqishga ko‘mak berish orqali o‘quv-uslubiy ishlarga sifatini oshirish;

  • Turizm sohasidagi kadrlarni, jumladan, rahbarlar, mutaxassislar va Davlat turizm qo‘mitasi tizimi xodimlari, professor-o‘qituvchilar va trenerlarni milliy va xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

  • Turizm sohasidagi kadrlar uchun xorijiy stajirovkalarni tashkil etish;

  • Ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga kasbiy faoliyatlarida ko‘mak va qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatish;

  • Institut ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishga xizmat qiluvchi respublika va xalqaro grantlarni jalb qilish, ijtimoiy yo‘naltilgan loyihalar bo‘yicha davlat qo‘llab-quvvatlovi tanlovlarida ishtirok etish;

  • Ilmiy va ta’lim sohasida xalqaro, mintaqaviy va davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish.

Institutning o‘ziga xos jihati, uning «vizit kartochkasi» — turizm sohasidagi eng dolzarb muammolar va vazifalarni hal etishga barcha resurs va sa’y-harakatlarni jamlash, bu jarayonga iqtidorli yoshlar va milliy hamda xalqaro yetakchi mutaxassislarni jalb qilishdir.

2020 yil sentyabr oyida Institut bazasida «Turizm va mehmonxona xo‘jaligi» yo‘nalishi bo‘yicha Dissertatsiya kengashini tashkil etish rejalashtirilgan.