Institut O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi PF–5781-sonli Farmoniga muvofiq, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “Turizm bo‘yicha o‘quv-konsalting markazi” DUKi negizida tashkil etilgan.
Institutning tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi yoki “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetidir.
Institut ilmiy-tadqiqot va ta’lim yo‘nalishida faoliyat yurituvchi davlat muassasasi hisoblanadi.
Institutda 30 nafar mutaxassis faoliyat olib boradi.
Institut faoliyatining asosiy maqsadlari — turizm sohasida fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish, ilm-fan va ta’lim sohasida xizmatlar ko‘rsatish, turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ilmiy va ta’lim yo‘nalishida boshqa faoliyatlarni amalga oshirishdan iborat.
Institutning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Turizm sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish, ushbu sohada ilmiy va amaliy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, tizimli muammolarni aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
Turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi o‘quv dasturlari va ta’lim shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
Turizm sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;
Turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasalari faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, konsalting va o‘quv markazlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
Gid, yo‘lboshlovchi va instruktor-o‘rgatuvchilarga yagona test tizimi asosida malaka sertifikatlari berish.
Institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari:
Turizm sohasidagi dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
Xalqaro tajriba va global tendensiyalarni o‘rganish, ularning asosida ilg‘or tajribalarni mamlakat turizm tizimiga joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish, fan va texnika yutuqlarini turizm sohasida umumlashtirish va qo‘llash;
Turizm tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga mos ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar ro‘yxatini tasdiqlash;
Ilm-fan sohasida innovatsion g‘oyalar va istiqbolli yo‘nalishlarni ishlab chiqadigan iqtidorli olimlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish;
Xorijiy tajriba asosida turizm sohasidagi oliy va kasbiy ta’lim tizimini tizimli modernizatsiya qilish, shu jumladan o‘qitish tamoyillari, modellari va texnologiyalarini takomillashtirish;
Turizm sohasida professional va ta’lim standartlarini ishlab chiqish, tegishli professional standartlar asosida malaka tizimini yaratish va rivojlantirish;
Ta’lim jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, samarali ta’lim shakllarini (aralash, masofaviy, individual ta’lim, “ustoz-shogird” usuli) joriy etish;
Turizm sohasidagi ta’lim yo‘nalishlari uchun yangi o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va metodik tavsiyalar yaratishga ko‘maklashish orqali o‘quv-uslubiy ishlarning sifat va darajasini oshirish;
Turizm sohasi xodimlari, shu jumladan Turizm va sport vazirligi tizimi rahbarlari, mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va murabbiylar uchun muntazam qayta tayyorlash va malaka oshirish tadbirlarini milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tkazish;
Turizm sohasi xodimlari uchun xorijiy amaliyotlar va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish;
Ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga kasbiy faoliyatida yordam ko‘rsatish;
Institutning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishni ta’minlaydigan respublika va xalqaro grantlarni jalb etish, shuningdek ijtimoiy yo‘naltirilgan loyihalar bo‘yicha davlat ko‘magiga erishish uchun tanlovlarda ishtirok etish;
Ilmiy va ta’limiy faoliyatda xalqaro, mintaqaviy va davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish.
Institutning o‘ziga xos xususiyati va “vizitkasi” — turizm sohasidagi eng dolzarb muammolar va vazifalarni hal qilishga kuch va resurslarni jamlashdir. Bu jarayonga iqtidorli yoshlar hamda milliy va xorijiy yetakchi mutaxassislar jalb etiladi.